Qanday qilib Telegram profilini o’chirish

Kecha Telegram messenjeridan butunlay yuz o’girdim. Asosiy kamchiliklarimdan tashqari hozirgacha ham Facebook, YouTube va Googlega bog’liqlik kabi zaifliklarim bor. Lekin kecha Telegramni ular orasidan chiqarib tashlay olishim o’zimni o’zim maqtab qo’yishimga arzigulik ish bo’ldi 

Kimgadir kerak bo’lib qolishi mumkin, degan maqsadda qanday qilib Telegram profilini o’chirish bo’yicha qisqagina yo’riqnoma yozishga qaror qildim.

Telegram profili sozlanmalari ichida «Agar [ko’rsatilgan vaqt] oralig’ida Telegramga kirmasam, profilim o’chirilsin», degan bo’lim bor. Bu bo’limda, adashmasam, bir oydan bir yilga qadar bo’lgan vaqt oralig’ini tanlab qo’yishingiz mumkin. Shu belgilangan vaqt oralig’ida Telegramga kirmasangiz, Telegram bilan bog’liq barcha ma’lumotlaringiz – akkauntingiz, profil rasmingiz, kontaktlaringiz, guruhlaringiz va yozishmalaringiz tarixi butunlay o’chiriladi. Albatta, profilingizni o’chirmoqchi bo’lsangiz bu bo’limdagi «o’z-o’zini yo’q qilish» vaqtini bir oyga sozlab, Telegram dasturini kompyuteringiz va telefoningizdan shunchaki o’chirib tashlashingiz va hammasini unutishingiz mumkin. Bunda bir oydan so’ng akkauntingiz avtomatik tarzda o’chiriladi.

Kimdir Telegramdagi akkauntini darhol o’chirmoqchi bo’lsa, Telegram ularga yanada qulayroq, tez ta’sir ko’rsatuvchi usulni ham taklif etar ekan. Bu haqida kecha bilib qoldim 

Xullas, agar hoziroq Telegram profilingiz/akkauntingizni butunlay o’chirmoqchi bo’lsangiz, telegram.org/deactivate sahifasiga tashrif buyuring. U yerda Sizdan Telegramingizga bog’langan telefon raqamingizni xalqaro shaklda yozishingizni so’rashadi. Raqamingizni yozganingizda Sizning Telegram dasturingizga maxsus kod yuboriladi. Bu kodni yuqoridagi manzil orqali kirgan sahifangizga yozasiz va Telegramingizni butunlay o’chirasiz!

Yodingizda bo’lsinki, bu usulda Telegram akkauntini o’chirish barcha ma’lumotlarning butunlay o’chib ketishiga sabab bo’ladi. So’nggi qarorni qabul qilishdan avval Telegramda bo’lishi mumkin bo’lgan barcha kerakli ma’lumotlar, raqamlar va media fayllarni yuklab olishni unutmang.

Написать комментарий

Комментарии

Комментариев нет.

Похожие статьи

Реклама